Fransiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Zinedin Zidan so‘nggi besh yil davomida nima bilan shug‘ullangani haqida gapirib berdi.

Zidan 2021 yilda «Real Madrid»ni tark etganidan beri hech qaysi jamoada murabbiylik qilmagan edi.

«Men bu besh yil davomida qo‘l qovushtirib o‘tirganim yo‘q. «Real»da ishlagan davrimdagiga qaraganda ancha ko‘proq o‘yinlarni tomosha qildim. Fransiya terma jamoasini sinchkovlik bilan kuzatib bordim va aytishim mumkinki, bu jamoaning salohiyati o‘ta yuqori», — dedi Zidan.

Shuningdek, Zidan «Real»dan so‘ng boshqa klublarda ishlash takliflariga rad javobini berib, faqatgina Fransiya terma jamoasi tomonidan bo‘ladigan taklifni kutganini va bu uning yagona orzusi bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Fransiya futbol federasiyasi 54 yoshli mutaxassis bilan 2030 yilgacha mo‘ljallangan to‘rt yillik shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi.

Manba: Stadion.uz