«Yuventus» «Chelsi» hujumchisini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi

Londonning «Chelsi» klubi hujumchisi Nikolas Jekson Turinning «Yuventus» klubi uchun tarkibni kuchaytirish yo‘lidagi bosh nomzodlardan biri bo‘lib turibdi. Bu haqda jurnalist Djovanni Albaneze xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, «Yuventus» bosh murabbiyi Luchano Spalletti o‘z ixtiyorida ikki nafar kuchli markaziy hujumchi bo‘lishini istamoqda. Biroq turinliklar bir forvard uchun katta mablag‘ sarflashga tayyor bo‘lsa-da, ikkinchi hujumchining transferi jamoadagi boshqa futbolchilarning sotilishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Ortda qolgan mavsumni 24 yoshli Jekson ijara asosida Myunxenning «Bavariya» klubida o‘tkazdi. Senegallik futbolchi nemis grandi safida 34 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Tarqalgan mish-mishlarga qaraganda, «Chelsi» shu yozda Jeksonni taxminan 70 million yevro evaziga qo‘yib yuborishga rozi.
Manba: Stadion.uz