«Selta» klubi yarim himoyachisi Ilayks Moriba faoliyatini Italiyada davom ettirishi mumkin.

Tuttosport nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Yuventus» klubi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. Turin klubi ancha vaqtdan beri xavbek atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib kelmoqda.

Ilayks Moriba 2025 yilda «RB Leypsig» klubidan 6 million yevro evaziga «Selta»ga ko‘chib o‘tgan edi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan. Ortda qolgan 2025/26 yilgi mavsumda yarim himoyachi Ispaniya klubi safida barcha musobaqalarda jami 48 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Transfermarkt portali futbolchining ayni paytdagi transfer bahosini 15 million yevroga baholamoqda. Ta’kidlab o‘tish joizki, Moriba «Barselona» klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

Manba: Stadion.uz