«Vulverxempton» hujumchisi Tolu Arokodare maydonni tark etishdan bosh tortib, mashg‘ulotning bekor qilinishiga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda BBC o‘z manbalariga tayanib.

Manbalarning xabariga ko‘ra, 25 yoshli nigeriyalik futbolchi maydonga o‘tirib olgan va klubdan uni «Fiorentina»ga qo‘yib yuborishlarini talab qilgan.

Avvalroq «Vulverxempton» A Seriya klubining taklifini rad etib, «Trabzonspor»ning taklifini qabul qilgan edi.

Arokodarening bu xatti-harakatlari yangi bosh murabbiy Sezar Peyshotuning 20 iyul kungi mashg‘ulotni bekor qilishiga olib keldi.

22 iyul kuni esa hujumchi «Meydenxed Yunayted»ga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmadi.

«Butun faoliyatim davomida men hamisha o‘zimni professional tutish va mashg‘ulotlarda eng yuqori standartlarni saqlab qolish bilan faxrlanib kelganman. Mening asosiy maqsadim hamisha jamoaga chaqirilganimda maksimal darajada foyda keltira olish uchun iloji boricha yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish bo‘lgan.

Men hali ham «Vulverxempton» bilan shartnomaga egaman va yagona niyatim — o‘z majburiyatlarimni professionalona bajarish: mashg‘ulot o‘tkazish, o‘z ishimni qilish va ushbu shartnomaga muvofiq jamoaga o‘z hissamni qo‘shishdir», — deb yozdi Arokodare ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Arokodare 2025 yilning sentyabr oyidan beri «Vulverxempton» sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.

2025/26 yilgi mavsumda hujumchi 43 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Manba: Stadion.uz