«Kolo-Kolo»ning yangi futbolchisi Vozinya Chili futbol assosiasiyasi qoidalari tufayli klubda o‘z taxallusi ostida maydonga tusha olmaydi. Reglamentga ko‘ra, libosning orqa tomonida faqat futbolchining rasmiy familiyasi ko‘rsatilishi mumkin. Futbolchining to‘liq ism-sharifi — Xosimar Xose Evora Dias, shu sababli u «Dias» yoki «Evora Dias» variantini tanlashi kerak bo‘ladi. Bu haqda Globo nashri xabar bermoqda.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qaror futbolchi uchun ham, klub uchun ham noxush kutilmagan hodisa bo‘ldi. «Kolo-Kolo» Vozinya ismi tushirilgan futbolkalar sotuvidan daromad olishni rejalashtirgan edi, chunki Kabo-Verdedan bo‘lgan darvozabon JCH-2026’dagi yorqin o‘yini bilan muxlislar e’tiborini qozongan edi.

Vozinya 2026 yilgi Jahon chempionatida to‘rtta o‘yin o‘tkazib, ulardan ikkitasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Darvozabonning «Kolo-Kolo»ga o‘tishdan oldingi oxirgi klubi Portugaliya ikkinchi divizionidagi «Shavish» bo‘lgan edi. O‘tgan mavsumda 40 yoshli golkiper barcha turnirlarda 19 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta bahsda «no‘l»ga o‘ynadi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 500 ming yevroni tashkil etadi.

Kabo-Verde terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etdi va 1/16 finalda Argentinaga imkoniyatni boy berib (2:3), musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Manba: Stadion.uz