«An-Nasr» hujumchisi va sardori Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi va vatandoshi Brunu Fernandeshni Saudiya Arabistoni klubiga o‘tishga ko‘ndirish uchun katta sa’y-harakat qilmoqda. Bu haqda 365Scores xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Ronaldu va «An-Nasr» Brunu Fernandeshning «qizil iblislar» bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralari to‘xtab qolganidan foydalanmoqchi. Saudiya klubi 31 yoshli yarim himoyachini aynan shu yozda o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq OAVda Brunu Fernandesh faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettirishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Portugaliyalik futbolchi 2020 yil yanvaridan buyon «Manchester Yunayted» safida to‘p surib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalarda 37 ta o‘yinda ishtirok etib, 9 ta gol urdi va 22 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Brunu Fernandeshning bozor qiymati 35 million yevroga teng.

Manba: Stadion.uz