«Barselona»ning sobiq hujumchisi Robert Levandovski «Chikago Fayr» klubiga o‘tishdan oldin Saudiya Arabistoni tomonidan berilgan juda yirik taklifni rad etgan. Bu haqda uning agenti Pini Zaxavi ma’lum qildi.

SportoweFakty nashriga bergan intervyusida Zaxavi sobiq «Barselona» hujumchisi «Kamp Nou»da o‘ynashda davom etishni xohlagani uchun mavsumiga 100 million yevrolik ikki yillik shartnomani rad etganini oshkor qildi.

«2026 yilning yanvar oyida Robertning stolida mavsumiga 100 million yevrolik ikki yillik shartnoma taklifi bor edi. U «Barselona»da o‘ynashni istagani sababli bu taklifni rad etdi», — dedi agent.

Kataloniya klubini tark etgach, Levandovskiga «Portu», «Milan» va «Yuventus» klublari ham qiziqish bildirgan, ammo bu murojaatlarning hech biri aniq muzokaralarga aylanmagan.

Oqibatda 37 yoshli futbolchi bosh murabbiy Gregg Berhalter va klub loyihasiga ishonch bildirib, «Chikago Fayr» variantini tanladi. Levandovski taxminan 40 million dollarlik ikki yillik shartnomaga imzo chekib, Lionel Messidan so‘ng MLSda eng yuqori maosh oluvchi ikkinchi futbolchiga aylandi.

Shuningdek, Zaxavi Joan Laportaning xayrlashuv xabari bilan ham o‘rtoqlashdi: «Robertga uni juda yaxshi ko‘rishimizni aytib qo‘ying. U tariximizning bir qismi va «Barsa»ni qutqarib qolgan insondir».

Manba: Stadion.uz