«Real» o‘rtoqlik uchrashuvida «Leganes»ni yirik hisobda mag‘lub etdi (videosharh)

2026/27 yilgi mavsumga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida Madridning «Real» va «Leganes» jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. «Syudad Real Madrid» mashg‘ulotlar bazasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «qaymoqranglilar» 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvda hisobni 22-daqiqada «Real» yarim himoyachisi Federiko Valverde ochdi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Gonsalo Garsiya mezbonlarning ustunligini ikki to‘pga yetkazdi.
39-daqiqada «Leganes» hujumchisi Naim Garsiya bir gol urgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda madridliklar yana ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Avval Franko Mastantuono 58-daqiqada gol muallifi bo‘ldi, ikki daqiqadan keyin esa «Leganes» himoyachisi Ruben Pulido o‘z darvozasiga to‘p kiritib, bahsga nuqta qo‘ydi — 4:1.
Eslatib o‘tamiz, 2025/26 yilgi La Liga mavsumida «Real» 86 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan va chempion «Barselona»dan 8 ochko ortda qolgan edi.
«Leganes» esa Ispaniyaning Segundasida ishtirok etadi. Jamoa o‘tgan mavsumni 42 ta uchrashuvda 46 ochko jamg‘argan holda 16-o‘rinda yakunlagan.
O‘rtoqlik uchrashuvi
28 iyul 2026 yil
«Real» — «Leganes» — 4:1
Gollar: 1:0 — Federiko Valverde, 22-daqiqa; 2:0 — Gonsalo Garsiya, 25; 2:1 — Naim Garsiya, 39; 3:1 — Franko Mastantuono, 58; 4:1 — Ruben Pulido (avtogol), 60.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar