Peru klubi libosiga 1000 ta homiy joylashtirdi va bankrotlikdan chiqib ketdi

Peruning «Deportivo Munisipal» klubi moliyaviy muammolar tufayli havaskorlar ligasiga tushib ketdi va bankrotlik yoqasiga kelib qoldi.
Shundan so‘ng Limada joylashgan, Peruning to‘rt karra chempioni hisoblangan klub moliyaviy inqirozdan chiqish uchun noodatiy loyihani amalga oshirdi. Maqsad erkaklar jamoasining uchinchi ligadagi ishtiroki, ayollar jamoasining ikkinchi diviziondagi faoliyati hamda klub akademiyasini moliyalashtirish uchun mablag‘ yig‘ish edi.
Klub an’anaviy yirik reklama bloklari o‘rniga o‘yin libosini 1000 ta kichik reklama joyiga bo‘ldi. Bu joylarni mahalliy kompaniyalar, kichik tadbirkorlar va hatto oddiy muxlislar ham sotib olishi mumkin edi. Narxlar 25 yevrodan 150 yevrogacha belgilandi.
Homiylar esa evaziga ijtimoiy tarmoqlarda reklama, chiptalar va klub atributikasi uchun chegirmalar, shuningdek, futbolchilar orqali o‘z biznesini targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Natijada klub o‘yin libosidagi barcha 1000 ta reklama joyini taxminan uch oy ichida sotishga muvaffaq bo‘ldi. Yig‘ilgan mablag‘ esa klubning bir yillik xarajatlarini to‘liq qopladi.
Ushbu loyiha McCann Lima agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Yozda esa u reklama va kreativ marketing sohasidagi dunyodagi eng nufuzli tanlovlardan biri hisoblangan Cannes Lions 2026 festivalining bosh mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar