O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov faoliyatini Germaniyaning “Borussiya Myunxengladbax” klubida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Kicker nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, myunxengladbaxliklar markaziy himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun transfer bozorini o‘rganmoqda. Klub rahbariyatining asosiy maqsadi — istiqbolli yoshlarni tarkibga jalb etish. Shu bois, nemis jamoasi skautlari 22 yoshli O‘rozovning mundialdagi ishtirokini diqqat bilan kuzatib borgan. Natijada futbolchining o‘yinlari jamoa bosh murabbiyiga ma’qul kelgan va himoyachini “short listi”ga qo‘shib qo‘ygan.

Hozircha “Borussiya M” O‘rozovni sotib olish bo‘yicha yakuniy qarorga kelganicha yo‘q, biroq uning nemis klubiga ko‘chib o‘tish ehtimoli yuqori baholanmoqda. U o‘zining jismoniy holati va maydonni yaxshi ko‘ra olish qobiliyati tufayli ko‘plab xorij jamoalarining e’tiborini tortgan.

Ma’lumot o‘rnida, Samarqandning “Dinamo” klubi a’zosi Jahongir O‘rozov O‘zbekiston Superligasidagi o‘yinlari orqali terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro e’tiboriga tushgan. Futbolchi O‘zbekistonning JCHdagi ilk o‘yinida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsa-da, keyingi o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Xususan, O‘rozov Kongo DR milliy jamoasiga qarshi uchrashuvda 7 marta xavfni bartaraf etgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning “Bunyodkor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Jahongir O‘rozov 2023-yili Turkiyaning “Eyupspor” jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi. 2024-yilda turk klubi futbolchini Samarqandning “Dinamo”siga ijaraga berdi. 2025-yilning boshida esa samarqandliklar uni erkin agent maqomida o‘z safiga to‘liq qo‘shib oldi.

Manba: Stadion.uz