Dortmundning «Borussiya» klubi yarim himoyachisi Feliks Nmecha «Manchester Yunayted»ning transfer ro‘yxatidan joy olgan.

Jurnalist Tayron Marshallning bergan ma’lumotiga ko‘ra, «qizil iblislar» yaqindagina Germaniya terma jamoasi safida Jahon chempionatidagi ishtirokini yakunlagan Nmecha bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘plashmoqda.

Qayd etilishicha, «Manchester Yunayted» sport direktori Jeyson Uilkoks futbolchining oilasi bilan «Manchester Siti» akademiyasi davridan buyon yaxshi aloqalarga ega. Nmechaning eng ustun jihatlaridan biri sifatida uning ajoyib jismoniy holati va maydonning katta qismini nazorat qila olish qobiliyati (jismoniy baquvvatligi) ko‘rsatilmoqda.

Shunga qaramay, hozircha «Manchester Yunayted» faqatgina futbolchining imkoniyatlarini o‘rganayotgani va hech qanday rasmiy muzokaralarga kirishmagani ta’kidlangan.

Ortda qolgan mavsumda 25 yoshli Nmecha «Borussiya» safida barcha musobaqalarda 42 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Manba: Stadion.uz