«Manchester Yunayted» «Vest Xem»ning 21 yoshli markaziy yarim himoyachisi Mateush Fernandeshni sotib olish fikridan qaytdi. «Qizil iblislar» rahbariyati futbolchi uchun so‘ralgan 85 million funt sterling (99 million yevro) miqdoridagi narxni haddan tashqari yuqori va o‘yinchining real bahosiga mos emas deb hisobladi, deya xabar bermoqda BBC Sport.

Portugaliyalik futbolchi boshqa da’vogarlar orasidan aynan «Yunayted»ni tanlamoqchi ekanligi haqida aniq ishora bermagan.

Manbaning ta’kidlashicha, klub faqat jamoa loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydigan va «Manchester Yunayted»da o‘ynash ishtiyoqi bilan yonib turgan futbolchilarnigina sotib olish niyatida qat’iy turibdi.

O‘tgan 2025/2026 yilgi mavsumda Mateush Fernandesh barcha turnirlarda jami 42 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning «Vest Xem» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.

Manba: Stadion.uz