«Kristal Pelas» va Fransiya terma jamoasi himoyachisi Maksans Lakrua top-klublar e’tiborini tortishda davom etmoqda.

RMCSport nashrining xabariga ko‘ra, futbolchining transferiga «Liverpul» qiziqish bildirmoqda. «Qizillar» ushbu fransuz uchun kurashda uning asosiy xaridori bo‘lib turgan «Chelsi»ni ortda qoldirmoqchi. «Liverpul» Lakruani jamoani erkin agent maqomida tark etib, «Real»ga o‘tgan Ibraima Konatega munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.

Maksans Lakrua 2024 yilda «Volfsburg»dan «Kristal Pelas»ga 18 million yevro evaziga o‘tgan edi. Uning amaldagi shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan. 2025/26 yilgi mavsumda himoyachi «burgutlar» safida barcha turnirlarda 55 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali Lakruaning transfer qiymatini 50 million yevroga baholamoqda.

Manba: Stadion.uz