«Liverpul» Barkola bo‘yicha «PSJ» bilan dastlabki muzokaralarni o‘tkazdi

«Liverpul» «PSJ» vingeri Bredli Barkolaning transferi bo‘yicha dastlabki muzokaralarni o‘tkazdi, ammo klublar o‘rtasida rasmiy aloqalar hali boshlangani yo‘q. Bu haqda jurnalist va insayder Ben Djeykobs X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, bitimning taqdiri transfer narxiga bog‘liq: «PSJ» futbolchi uchun 170 million yevro talab qilmoqda, «Liverpul» esa bu mablag‘ni haddan tashqari oshirib yuborilgan va noreal deb hisoblaydi. Mersisaydliklarning asosiy vazifasi — summani kamaytirishga erishish, chunki Barkola ularning bu yozdagi bosh transfer nishoni bo‘lib turibdi.
Qayd etilishicha, «Liverpul» o‘tgan yozda ham, futbolchi taxminan 85 million yevroga baholanayotgan vaqtda uni sotib olishga urinib ko‘rgan edi. Endi esa «qizillar» ikki baravar ko‘p pul to‘lash niyatida emas. Biroq parijliklarning bunday yuqori narx belgilashi APLdagi transfer bozori va ichki yirik bitimlar (xususan, Elliot Andersonning «Manchester Siti»ga hamda Morgan Rojersning «Chelsi»ga qimmatga o‘tishi) bilan izohlanmoqda.
Angliya klubi rahbariyati agar bu yozda kelishuvga erishilmasa, «PSJ» 2027 yilda Barkolani juda arzonga boy berishi mumkin deb hisoblamoqda, chunki fransuz yangi shartnoma imzolashni xohlamayapti. Uning amaldagi kelishuvi 2028 yilning yozigacha mo‘ljallangan.
Barkolaning o‘zi ham, avvalroq xabar berilganidek, ushbu yozda «PSJ»ni tark etishga qarshi emas.
O‘tgan mavsumda Bredli barcha turnirlarda 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi. JCH-2026 da Barkola Fransiya terma jamoasining barcha 8 ta o‘yinida ishtirok etib, 3 ta gol urdi va 1 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar