Kanisares «Real»ning Vinisius atrofidagi harakatlarini tanqid qildi

«Real»ning sobiq darvozaboni Santi Kanisares «qirollik klubi»ning Braziliya terma jamoasi vingeri Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha olib borayotgan muzokaralarini keskin tanqid qildi.
Braziliyalik futbolchining amaldagi shartnomasi 2027 yilning iyun oyigacha mo‘ljallangan, ammo tomonlar o‘rtasida kelishuvni uzaytirish bo‘yicha haligacha bir to‘xtamga kelingani yo‘q. «Arsenal» tomonidan bo‘layotgan qiziqishlar hamda Yan Diomandening ehtimoliy transferi haqidagi xabarlar futbolchining kelajagi atrofidagi shubhalarni yanada oshirmoqda.
Cadena COPE radiokanalining Tiempo de Juego ko‘rsatuvida chiqish qilgan sobiq posbon Madrid klubi bu vaziyatni ancha oldin hal qilishi kerak edi deb hisoblamoqda.
«Real» hamma narsaga kechikmoqda. Agar ularning qo‘lida imzolangan kelishuv bo‘lmasa, klub uni sotishga majbur. 100 million yoki undan ortiq mablag‘ni shunchaki shartnoma muddati tugashini kutib, tekinga boy berish mumkin emas. Bu kechirib bo‘lmaydigan darajadagi omadsiz boshqaruvdir», — dedi Kanisares.
Shu bilan birga, sobiq futbolchi braziliyalik atrofidagi turli xabarlar va shov-shuvlar uning Madriddan ketishga yaqin ekanini anglatmasligini ham ta’kidladi.
«Futbolchi atrofida qanchalik ko‘p shov-shuv ko‘tarilsa, uning jamoadan ketish ehtimoli shunchalik pasayadi», — deya xulosa qildi u.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar