Futbol tarixida transferlari uchun eng ko‘p mablag‘ sarflangan TOP 5 darvozabon

«Lids Yunayted» «Manchester Siti» darvozaboni Jeyms Trafford transferi bo‘yicha klub rekordini yangilashga yaqin turibdi.
Transfer qiymati 40 million funt va qo‘shimcha bonuslarni tashkil etadi. Bu 23 yoshli Angliya terma jamoasi posbonini futbol tarixidagi eng qimmat beshinchi darvozabonga aylantiradi.
Trafford «Manchester Siti» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U «Byornli»dagi ijara davrida Chempionshipda 30 ta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, rekord o‘rnatgan edi.
O‘tgan yozda u asosiy tarkib posboni bo‘lish umidida «Etixad»ga qaytgandi, ammo Janluidji Donnarummaning so‘nggi pallada jamoaga kelib qo‘shilishi tufayli Premyer-liga doirasida bor-yo‘g‘i 4 ta o‘yinda maydonga tushdi, xolos.
Shunga qaramay, u «Siti»ning ichki kuboklardagi muvaffaqiyatlarida muhim rol o‘ynadi va jamoa Angliya kubogi hamda Liga kubogida g‘olib chiqqan barcha bahslarda maydonga tushdi.
Angliyalik futbolchi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohlayotganini ochiq-oydin ma’lum qilgan. Bu yozda Karl Darlouni «Manchester Yunayted»ga qo‘yib yuborgan «Lids» esa unga asosiy darvozabon maqomini taklif qila oladi.
Futbolchiga «Nyukasl» tomonidan ham jiddiy qiziqish bo‘lgan edi, ammo Trafford o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun «Elland Roud»ni eng maqbul makon deb topdi.
Dunyoning eng qimmat top-4 darvozaboni:
-
Kepa Arrisabalaga — 71,6 mln funt
«Chelsi» 2018 yilda «Atletik Bilbao»ga jahon rekordi darajasidagi mablag‘ni to‘lagan edi. Kepa «Stemford Bridj»da barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi va keyinchalik ijarada o‘z o‘yinini biroz o‘nglab olganiga qaramay, hali ham eng omadsiz qimmat transferlardan biri sifatida tilga olinadi.
-
Alisson Bekker — 65 mln funt
«Liverpul» braziliyalik posbonni 2018 yilda «Roma»dan sotib olgan. Alisson darhol dunyoning eng yaxshi darvozabonlaridan biriga aylandi va hamon «Enfild»da muvaffaqiyatli to‘p surmoqda.
-
Andre Onana — 47,2 mln funt
«Manchester Yunayted» kamerunlik posbonni 2023 yilda «Inter»dan o‘z safiga qo‘shib oldi. Onana ajoyib to‘p uzatish qobiliyatini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, qo‘pol xatolari uchun tez-tez tanqidga uchradi. Shu sababli uning «Old Trafford»dagi faoliyati hozircha qarama-qarshi taassurot qoldirmoqda.
-
Janluidji Buffon — 32,6 mln funt
«Yuventus» italiyalik afsonani 2001 yilda «Parma»dan sotib olgan edi. Ushbu transfer summasi 17 yil davomida darvozabonlar uchun rekord bo‘lib turdi, Buffonning o‘zi esa afsonaviy faoliyat olib bordi.
Traffordning bu transferi uni ushbu elita guruhiga juda yaqinlashtiradi va kelajak uchun ishonchli darvozabon qidirayotgan «Lids» tomonidan tashlangan jiddiy qadam hisoblanadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar