Ukrainalik markaziy hujumchi Artyom Dovbik poytaxtning «Roma» klubini tark etmoqda. Hujumchi faoliyatini A Seriyaning boshqa bir vakili — «Jenoa»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda taniqli insayder Djanluka di Marsio xabar tarqatdi.

Jurnalistning aniqlashicha, Rim klubi futbolchini keyingi mavsum yakuniga qadar ijaraga berishga tayyor. Qolaversa, «Jenoa» bosh murabbiyi Daniele de Rossi ukrainalik to‘purarni o‘z jamoasida ko‘rishni shaxsan istamoqda va uni ko‘ndirishga harakat qilmoqda.

O‘tgan mavsumda 29 yoshli hujumchi Italiya chempionati doirasida 14 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Jarohati sabab bir necha oyni o‘tkazib yuborgan Dovbik o‘z hisobiga 3 ta gol va 1 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.

Hozirgi vaqtda forvardning transfer bozoridagi bahosi 15 million yevroni tashkil etadi. Uning «Roma» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.

Manba: Stadion.uz