Dias yana «Yuventus»ning manfaatlari doirasida paydo bo‘ldi

Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Braim Dias «Yuventus» futbolchisiga aylanishi mumkin. Bu haqda Goal portali xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Turinning «Yuventus» klubi 26 yoshli futbolchi atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda va uni hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun ustuvor variant sifatida ko‘rib chiqmoqda.
«Real»ning transfer bozoridagi faolligi fonida bu o‘tish ehtimoli ortishi mumkin. Ma’lumki, madridliklar «RB Leypsig» vingeri Yan Diomande bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Agar ushbu transfer amalga oshsa, «qaymoqranglilar»ning hujum chizig‘ida raqobat kuchayadi, bu esa Braim Diasning kelajagiga ta’sir qilishi mumkin.
Futbolchining o‘zi ilgari bir necha bor Madridda qolish va Joze Mourinyo loyihasida o‘z o‘rnini mustahkamlash istagi borligini ta’kidlagan edi.
O‘tgan mavsumda Braim Dias «Real» safida barcha turnirlarda 42 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar