Fransiya milliy terma jamoasi va “PSJ” klubi hujumchisi Usmon Dembele Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasi tomonidan bildirilgan taklifni rad etdi. Bu haqda jurnalist Sasha Tavolyeri ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali xabar bergan.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, “Oltin to‘p” sohibi saudiyaliklarga Parijda qolish niyatida ekanligini va klub bilan shartnomasini uzaytirmoqchi ekanini ma’lum qilgan. Ta’kidlash joizki, 29 yoshli futbolchining “PSJ” bilan amaldagi kelishuvi 2028-yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.

Ma’lumot uchun, 2025/2026-yilgi mavsumda Dembele barcha turnirlar doirasida jami 40 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 20 ta gol hamda 11 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Shuningdek, hujumchi Fransiya terma jamoasi safida JCH—2026 da ham faol ishtirok etdi. Ushbu mundialda fransuzlar to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Dembele 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 6 ta gol va 2 ta assist yozdirib qo‘yishga erishdi.

Manba: Stadion.uz