The Telegraph nashrining xabar berishicha, himoyachi Ezri Konsa «Arsenal» klubining e’tiborini tortdi.

Avvalroq londonliklarning «Aston Villa»ning yana bir a’zosi — yarim himoyachi Morgan Rojersga jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Nashrning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, «Villa» Rojersni 130 million funtga baholagan, bu esa «Arsenal» ushbu futbolchi uchun to‘lashni rejalashtirgan mablag‘dan ancha ko‘pdir.

«To‘pchilar» Rojersning narxini tushirishga harakat qilib ko‘rishadimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum, biroq endilikda ularning Konsaga ham qiziqish bildirayotgani oydinlashdi.

Himoyachining amaldagi shartnomasi tugashiga ikki yil qolgan va katta ehtimol bilan «Aston Villa» uni taxminan 60 million funtga baholaydi. Bu mablag‘ ham «Arsenal» 28 yoshli futbolchi uchun ajratmoqchi bo‘lgan summadan yuqoridir.

Hozircha «Arsenal» Rojers va Konsa bo‘yicha rasmiy taklif kiritadimi yoki ulardan faqat bittasining transferi bilan cheklanadimi, noma’lum. Himoyachi nomzodini Premyer-ligadagi muvaffaqiyatni yanada rivojlantirish va Chempionlar ligasi finaliga qayta chiqish yo‘llarini izlayotgan bosh murabbiy Mikel Arteta taklif qilgan deb hisoblanmoqda.

Konsaning maydondagi eng sevimli pozisiyasi — himoya markazi hisoblanadi, biroq u o‘ng qanot himoyasida ham muvaffaqiyatli to‘p sura oladi.

Manba: Stadion.uz