"MYu" Mauntning transferini bugun yakunlaydi

Jurnalist Fabritsio Romanoning so'zlariga ko'ra, Meyson Mauntning "Chelsi"dan "Manchester Yunayted"ga o'tishi bugun yakunlanadi.
Avvaliga futbolchini tibbiy ko'rikdan o'tkazish rejalashtirilgan, shundan so'ng tomonlar yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bilan 2027/28 yilgi mavsum oxirigacha shartnoma imzolaydi. O'z tarbiyalanuvchisi uchun "Chelsi" 55 million evro oladi. "Manchester Yunayted" kelasi besh yil ichida sovrinlarni qo'lga kiritsa, londonliklar yana 5 million olishlari mumkin.
Maunt "Chelsi"ning asosiy jamoasida deyarli to'rt yil o'ynadi. Meyson Premer-ligadagi debyutini 2019 yil 12 avgust kuni “Manchester Yunayted”ga qarshi o'tkazgandi. O'shanda "Chelsi" o'z maydonida 0:4 hisobida mag'lub bo'lgandi.
Hammasi bo'lib Maunt o'z jamoasi uchun barcha musobaqalarda 195 ta o'yin o'tkazib, 33 ta gol va 37 ta golli uzatmani amalga oshirgan.