Jahon futbolidagi transfer rekordi braziliyalik Neymarga tegishli ekanligi barchaga ma'lum - 222 million evro.

«PSJ»ning yana bir xaridi - Kilian Mbappe umumiy reytingning 2-qatorida. Qiziq, muayyan operatsiya emas, futbolchilarning butun faoliyatidagi barcha transferlarni umumlashtirsak, qanday holat yuzaga keladi? Transfermarkt portali ma'lumotlari bo'yicha aytsak, bu borada yaqinda «Inter»ga qaytgan Romelu Lukaku mutlaq pesh­qadam. Diqqat qiling, klublar belgiyalik hujumchini sotib olish yo'lida jami 333,56 mln. evro sarflagan.

Argentinalik Ernan Krespo faoliyatida 4ta transfer kuzatilgan. Yo'nalish: «River Pleyt» - «Parma» - «Latsio» - «Inter» - «Chelsi». Xullas, Italiya va Angliya klublari sobiq hujumchiga jami 126,94 mln. evro sarflashgan - bu barcha transferlarning jami summasi bo'yicha tarixdagi 15-ko'rsatkichdir. Reytingning 14-qatoridan joy olgan Joau Felishga taalluqli summa (127,2 mln. evro) atigi 1ta o'tish mahsuli hisoblanadi. Eslatma, «Atletiko» portugaliyalik iqtidor uchun «Benfika»ga shuncha to'lagandi. 13-o'rinda kolumbiya­lik Xames Rodriges bormoqda - jami 148,53 mln. evro. Kolumbiyalik futbolchi bu summani 6ta transferda yig'di. Eng kattasi - «Monako»dan «Real»ga 75 mln. evro evaziga o'tgani. Jarohatlar ta'qibidan sira qutulolmaydigan belgiyalik Eden Azar hayotida atigi 2ta transfer bor, lekin ularning summasi chakki emas - 150 mln. evro. Ma'lumot uchun, u «Real» libosini kiyishiga qadar «Lill» - «Chelsi» yo'nalishi bo'yicha harakatlangan edi. Jadvalning 11-qatori Argentina futbolining yana bir vakiliga tegishli: Gonsalo Iguain 5ta transfer operatsiyasida jami 159 mln. evroga baholangan. To'g'ri, bu summaning katta qismi - 90 millioni «Yuventus» tomonidan to'langan.

Kuchli 10talikni frantsiyalik Antuan Grizmann ochib beradi - 160 mln. evro. Hammasi oddiy: unga «Barselona» 120 million, «Atletiko» avvaliga 30 million («Real Sosedad»ga), keyin yana 10 million (ijarasi uchun «Barselona»ga) to'ladi. Jahongashta Zlatan Ibragimovich jami 169,1 mln. evro bilan 9-o'rinda. Mag'rur Ibra klublarni naq 7 marta o'z transferiga pul sarflashga majbur qildi. Deyarli 170 «limon»ga teng xirmonda eng katta ulush «Barselona» chekida (qariyb 70 mln. evro). 175 mln. evro - bu atigi 2ta o'tish mahsuli. Dortmund «Borussiya»si va «Barselona» Usmon Dembele transferiga birgalikda shuncha sarfladi - 8-pozitsiya. Anxel di Mariya faoliyatida o'tishlar etarli, lekin jami 179 mln. evro asosan 2ta katta transfer tufayli yuzaga keldi. Ya'ni argentinalik xaridiga avvaliga «MYu», ke­yin «PSJ» katta mablag' sarf­ladi. Di Mariyadan oldinda Kilian Mbappe bor. Eslasangiz, «PSJ» frantsiyalik iqtidor uchun «Monako»ga 180 mln. evro berishdan o'zini to'xtatolmagandi. Qisqasi, Kilian bittagina kuchli «sakrash» tufayli 6-o'rinda. 

Kuchli 5talikka etib keldik. Beshinchi qator APLdan bosh­qa ligada o'zini «topolmagan» Filippe Koutinoga tegishli. Braziliyalik yarim himoyachi faoliyati davomida ko'p marta jamoa almashtirdi, lekin umumiy summa (180,3 mln. evro)da himmatli «Barselona»ning o'rni katta. Kata-loniya­liklar uning uchun «Liver­pul»ga 135 mln. evro to'lashgan edi. Xuddi Kou­tino kabi liga «tanlash» bilan ovora Alvaro Morata reytingning 4-qatorida - 189 mln. evro. Bu 6ta o'tish mahsuli bo'lib, 66 millioni birgina «Chelsi» bo'ynida. Nihoyat, Krishtianu Ronaldu. Portugaliyalik yulduzga daxldor ko'rsatkich - 245 mln. evro. Hamma biladi, Krishning faoliyatida 2tagina yirik transfer bo'ldi (hozircha): «MYu» - «Real» (94 mln. evro) va «Real» - «Yuventus» (117 mln. evro). Muayyan transfer bahosi bo'yicha jahon rekordchisi Neymar xaridlarning umumiy summasiga ko'ra, 2-o'rinda. 310 mln. evroda «PSJ»ning qalin (222 «limon») va «Barselona»ning nisbatan nozikroq «imzo»si bor. 333,56 mln. evro - klublar Romelu Lukaku transferiga jami shuncha sarfladi. Belgiyalik hayo­tida o'tishlar ko'p, hammasining summasi ancha katta. Eng ko'p xarajat esa «Chelsi» zimmasida (113 mln. evro).

Ravshan IBROHIM tayyorladi

Manba: «Interfutbol» gazetasi