FIFA La ligadan navbatdan tashqari transferlarni taqiqlashni talab qildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 372
FIFA Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF)ga maktub yo'llab, transfer reglamentiga o'zgartirish kiritishni tilab qildi.
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasining fikricha, Ispaniyada o'yinchilarning jarohati tufayli transfer muddatidan tashqarida futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazishga yo'l qo'yish kerak emas.
«Barselona» 20 fevral kuni «Leganes» hujumchisi Martin Breytueytni 18 million evroga sotib olgani uchun FIFA shunday talabni ilgari surmoqda. "Ko'k-anorranglilar" hujumchilari Luis Suares va Usmon Dembele jarohat olib uzoq vaqtga safdan chiqishgani bois, Ispaniya professional ligasi kataloniyaliklarga yangi futbolchi sotib olish uchun ruxsat bergan edi.
Ispaniya chempionatida jon saqlab qolish uchun kurash olib borayotgan «Leganes»ga esa yo'qotishning o'rnini qoplash uchun imkon berilmadi.
FIFA ushbu mavsum yakunlanganidan keyin ushbu qoidani bekor qilishni talab qildi. Avvalroq, 2016 yilda ham tashkilot RFEF'dan buni talab qilgan edi, ammo o'shanda ham bu qoida o'z kuchida qolgan edi.