So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Tekinga tushgan topilmalar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 78
Futbol olami, jumladan, transfer bozori ham ajabtovur voqealarga boy.
Qaysidir futbol yulduzi uchun millionlar sarf qilinsa, ayrim iqtidor sohiblarini jamoalar suv-tekinga o'z saflariga qo'shib oladilar. Bu galgi hikoyamiz shu mavzuda.
Alexandro Grimaldo («Bayer», 28 yoshda, lateral)
Ispaniyalik futbolchi «Benfika»dagi uzoq yillik faoliyatdan so'ng erkin agent maqomida «Bayer»ga o'tdi. Yozdagi mazkur transfer «dorishunoslar»ning natijalari va Alonsoning taktikasiga shunchalik kuchli ta'sir o'tkazishini hech kim kutmagandi. Xabi ilk uchrashuvdayoq vatandoshining nimalarga qodir ekanligini his etdi va lateral bosh rolni o'ynaydigan 3-4-3 taktik sxemasini qo'llash payti kelganligini tushundi. Biroq Frimpong anchadan beri jamoada bo'lgan va uslubga allaqachon moslashib olgan bo'lsa, Grimaldo bir ko'rishda notanish ustozining g'oyalarini uqib oldi. Alexandro joriy mavsumda faqat Bundesliganing o'zida 8ta gol va 9ta samarali uzatmani rasmiylashtirdi, jumladan, «Bavariya» darvozasini zabt etdi, bir necha yildan beri etakchi beshlikdagi himoyachilar orasida eng sermahsul himoyachilar safida bormoqda.
Isko Alarkon («Betis», 31 yoshda, pleymeyker)
Garchi bu futbolchi jarohat tufayli bir oydan beri maydonga tushmagan bo'lsada, faoliyatidagi pauzadan keyin «Betis»da o'z mahoratini namoyish etishga ulgurdi. O'z vaqtida «Malaga»da muvaffaqiyatli to'p surgan, «Real»da sovrinlarga erishgan pleymeyker ruhiyatiga jarohat salbiy ta'sirini o'tkazgandi. Shu sababli Isko Madridda o'z iqtidorini to'liq namoyish eta olmadi. Lekin yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonida ortiqcha vazndan forig' bo'lgach, «Betis» rahbariyatining ishonchini qozondi. Endi Iskoni Saudiyaga taklif etishmoqda. Ya'ni, sevilyaliklar klubi faxriy futbolchi bilan xayrlashish arafasida mo'may daromadga ega bo'lishi mumkin. Hozircha, uning gollari va assistlaridan bahramand bo'lmoqda.
Milan Shkrinyar («PSJ», 29 yoshda, markaziy himoyachi)
Yil boshida olgan jarohati tufayli «PSJ»dagi o'yinlarni o'tkazib yubormoqda. Lekin slovakiyalik futbolchi «Inter»ni tark etganidan keyin Frantsiyada 20ga yaqin bellashuvlarda maydonga tushgan. 50 mln. evroga baholangan himoyachini parijliklar erkin agent sifatida o'z saflariga qo'shib olishdi. Albatta, Milan yanada ishonchliroq o'yin ko'rsatishi mumkin edi. Biroq jamoadagi murabbiylar qo'nimsizligi bunga imkon bermadi. Shuningdek, jamoaning tayanch hududi va qanot himoyachisi chizig'i talab darajasida emas. Donnarumma Milan bilan bir xil tilda gaplashsada, Markinos bilan ishonchli himoya juftligini shakllantira olmadi. hozircha, shunday vaziyat hukmron. Bu yog'iga, himoya chizig'i mukammal o'yin ko'rsatishi shart. Axir oldinda EChLning pley-off bosqichi kutmoqda. Shkrinyar yana bir finalni ko'rish ishtiyoqida va albatta, asosiy tarkibda. «Inter»dagi o'yinni u zaxira o'rindig'ida kuzatgandi.
Deyli Blind («Jirona», 33 yoshda, markaziy himoyachi)
Yaqinda Anchelotti Karvaxaldan lateral uchun «Jirona»ga qarshi bahsda himoya chizig'i markazida to'p surish qulayroqmi yoki qanotlarda, deb so'ragandi. Unga farqi yo'q ekanligini ta'kidlagan Dani o'sha kuni chap qanot markaziy himoyachi pozitsiyasida o'ta samarali to'p surdi. «Real» o'zi uchun rekord uchrashuvda to'p o'tkazib yubormadi, «Jirona»ga esa aynan to'psiz harakatlari bilan xavfsizlikni ta'minlaydigan tajribali Blind etishmadi. Michel to'xtatib bo'lmaydigan hujumkor jamoani shakllantirgan. Deyli esa xatoliklardan xoli emas - Madriddagi bellashuvni sariq kartochkalari ko'payib ketganligi tufayli o'tkazib yubordi. Lekin yuragidagi jiddiy xastalikni engib o'tgan 33 yoshli niderlandiyalik himoyachi yozgi transfer mavsumining eng omadli kelishuvlaridan biri ekanligi aniq. «Bavariya»ning sobiq futbolchisini o'z jamoasiga qo'shib olishda Gvardiolaning ukasi o'ta puxta ish yuritdi.
Ilkay Gyundogan («Barselona», 33 yoshda, xavbek)
Grimaldodan farqli ravishda, germaniyalik futbolchining yangi jamoasi bilan chempionlikka erishish imkoniyati juda oz. O'tgan mavsumda «Barselona» La Ligada zafar quchgandi, hozir hamma mavsum yakunida jamoani tark etishini taxmin qilmoqda. Lekin undan avval jamoani «Napoli»ga qarshi o'yin kutmoqda. Demak, mavsum nihoyasiga etgani yo'q. Ilkay yangi jamoadagi debyutini risoladagidek o'tkazdi. Lekin yoshi ulg'ayib qolgani ba'zan sezilib qolmoqda. jamoadagi muammolar esa shunchalik ko'pki, ularni bartaraf etishga bir nafar futbolchining kuchi etmaydi. Nima bo'lganda ham, Gyundogan bahor bosqichini samarali o'tkazishga urinib ko'radi. Axir Evro-2024da tomoshabin bo'lib qolmaslik uchun Bundestimdan chorlov olishi kerak. Shuningdek, «Barsa» bilan imzolagan shartnomani ham unutmasligi kerak. Kelishuv muddati «Manchester Siti»dagidan ancha uzunroq, Ilkay yaqin yillar ichida futbol bilan xayrlashmoqchi emas.
Markus Tyuram («Inter», 26 yoshda, hujumchi)
EChLda «Aston Villa»ga yordam bera oladigan Tilemans bor - belgiyalik xavbek zaxiradan maydonga tushadi. «Atletiko»da rotatsiya va xaloskor gollar uchun Depay bor, u boshlang'ich tarkibda. Asensio esa «PSJ»ga hujum chizig'idagi rotatsiyaga shay. Tyuram esa mavsumlar oralig'ida erkin agentga aylangan futbolchilar orasidagi ulkan omad timsoli. Simone Inzagi universal hujumchini «Inter»da Lautaro Martines bilan yonma-yon to'p surishiga ishontirdi. Argentinalik hujumchining Italiyadan ketish niyatida emasligi ham frantsiyalik kasbdoshiga dalda bo'ldi. Natijada eng sermahsul hujumchilar dueti shakllandi. Joriy mavsumda Tyuram 9ta gol va 7ta assistni o'z hisobiga yozib qo'ydi, Martinesning ko'rsatkichlari yanada yuqoriroq. Shu sababli «Inter» «A» seriyasining etakchisi, 2-o'rindagi «Yuventus»dan 7 ochkoga oldinda bormoqda. Qizig'i shundaki, mazkur tafovut 23-tur natijalaridan keyin yuzaga keldi, buyuk himoyachi Lilian Tyuram «Yuventus» bilan shohsupani zabt etgan bo'lsa, Markus «Inter» bilan cho'qqi sari dadil parvoz qilmoqda. Moliyaviy muammolar tufayli «Inter» Lautarodan voz kechgan taqdirda ham, Markus hech qayoqqa ketmaydi.
Yana shuni ham ta'kidlash joizki, yozdagi erkin agentlardan Benzema, Kante va Firminolar Saudiyaga yo'l olishdi. Messi milliard evrodan voz kechib, AQShda to'p surmoqda. Anxel Di Mariya o'zi uchun begona bo'lmagan «Benfika»ga qaytdi, Serxio Ramos yana qadrdon klubi - «Sevilya»da to'p surmoqda. Biroq gap top,ligalardagi muvaffaqiyatlar xususida ketganda, yuqorida zikr etilgan qahramonlarimiz ustunroqlar.
S.RAHMONOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi