So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Turk futbolidagi rekord transfer
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 76
Sasha Boe - «Bavariya» debyutanti. Fabritsio Romanoning ma'lumotiga ko'ra, «Galatasaroy»ning 23 yoshli o'ng qanot himoyachisi uchun myunxenliklar 30+5 mln. evrodan voz kechishdi.
O'tgan mavsumda «Bavariya»da o'ng qanot himoyachisi pozitsiyasi muammolardan xoli edi. Nussair Mazraui va zarur pallada maydonga tushadigan Jashua Kimmixdan tashqari, Benjamen Pavar, Yosip Stanishich va Joau Kanselular ham to'p surishdi. Biroq mavsum yakuniga etgach, frantsuzni «Inter»ga sotib yuborishdi, Xorvatiya vakilini «Bayer»ga ijaraga berishdi, ijarada o'ynagan portugaliyalikni esa «Manchester Siti»ga qaytarishdi.
Joriy mavsumda o'ng qanot himoyasini nazariy jihatdan 4 nafar futbolchi yopishi mumkin edi. Hozircha bu to'rtlik jamoaga faqat ruhan madad berishga qodirlar:
** Nussair Mazraui - ixtisosi bo'yicha o'ng qanot himoyachisi. Dekabrda jarohat olgan bo'lsada, Afrika Kubogi turniriga yo'l oldi va Tomas Tuxelning nafratini qo'zg'adi: «Ajabtovur vaziyat. U ish haqini klubdan oladi, unda shartnoma bor, u esa hamon salomatligini tiklash mashqlari bilan ovora». Marokash terma jamoasi turnir favoritlaridan sanalishiga qaramay, turnirni erta tark etdi...
** Buna Sarr - ixtisosi bo'yicha o'ng qanot himoyachisi. Dekabr oyida xochsimon payidan jarohat oldi, mavsum yakunigacha safga qaytishi gumon.
** Konrad Laymer - zarurat tufayli o'ng qanot himoyachisi pozitsiyasida o'ynashi mumkin bo'lgan (o'ynagan) markaziy yarim himoyachi. Mushaklari shikastlanishi oqibatida 1,5 oyga safdan chiqdi, yordam bera olmaydi.
** Joshua Kimmix - vaqti-vaqti bilan o'ng qanot himoyasida to'p surgan markaziy yarim himoyachi. Uning elkasi shikastlangan. Ma'lumotlarga ko'ra, bir nechta o'yinlarda maydonga tusha olmaydi. Laymer va Kimmix jarohat olishlaridan avval ham o'ng qanotni kuchaytirish lozimligi ma'lum edi: bu futbolchilar markaz uchun kerak edilar. Sarr muxlislar ermagiga aylandi, Mazraui tez-tez jarohat oladigan bo'lib qoldi.
Nazariy jihatdan o'ng qanotni «Bavariya» nishonida turgan Fikayo Tomori, Radu Dregushin yoki Ronald Arauxo bilan to'ldirish mumkin edi. Biroq ular ham markazda to'p suradigan o'yinchilar.
Kerakli ixtisosdagi o'yinchini transfer darchasi yopilishidan (1 fevral) avval xarid qilish talab etilgandi. Jeremi Frimpong («Bayer»), Nordi Mukiele («PSJ») va Kiran Tripperlar transferlari ko'rib chiqildi. Tripper masalasida tomonlar «Bavariya» foydasiga kelishuvga erishgandilar. Biroq tez orada «Nyukasl» Kiran uchun katta mablag' talab qilgani sababli transfer amalga oshmadi.
Turk futboli uchun tarixiy kun
Shu paytgacha mahalliy chempionatda bunchalik qimmat transfer bo'lmagandi. Jenk Tosunning rekordi 6 yil umr ko'rdi. Turk futbolchisining APLdagi faoliyati avvalgi rekordchi bo'lmish bosniyalik Balichning La Ligadagi ishtiroki kabi unchalik yurishmadi. Asrlar almashuvi davrida 21 mln. evroli transfer Turkiya chempionati uchun kutilmagan hodisa edi. Biroq «Real»da Balich ishonchni oqlay olmadi: boshlang'ich tarkibdagi 3ta o'yin, bitta gol, jarohatlar. Lekin EChL Kubogi sohibi. Tez orada Balich Turkiyaga qaytdi.
Top-sotuvlar beshligi aynan 2023/24 yillar mavsumida ikki bor o'zgardi. Hozir Boe yangi jamoaga o'tdi, undan avvalroq Arda Gyuler «Real»ga yo'l olgandi. To'g'ri, turk o'g'loni yanvarda «qirollik klubi»dagi debyutini nishonladi. Yirik transferlarning aksariyati (6ta) «Fenerbaxche»da amalga oshirildi. Turkiyaning qolgan top-klublari etakchi o'nlikda kam ko'rinish beradilar.
Sasha Boe kim? Tennis bilan shug'ullangan va Kamerunga hech qachon bormagan
Boe bolaligida tennis bilan shug'ullangan va mohir tennischiga aylanishi mumkin edi. Biroq yakunda jamoaviy sportni tanladi va «Renn» tizimida tahsil ola boshladi. 18 yoshida Sasha Liga 1da ilk bor maydonga tushdi. «Dijon»dagi 1 yillik ijaradan keyin uni «Galatasaroy» 5,65 mln. evroga xarid qildi. Lekin jarohat tufayli debyutini nishonlay olmadi.
Keyingi mavsumda Boe Turkiya chempionatida zafar quchdi, 178 sm.li bo'yi bilan havodagi yakkakurashlarda g'olib chiqqan etakchi 20likdan joy oldi. Raqibdan to'pni tortib olish bo'yicha 3 nafar futbolchi Sashadan yaxshiroq natijaga erishdi, himoyachilar o'rtasida aldamchi harakatlar borasida 5-o'rinni egalladi.
Turkiyadagi 3-mavsumida EChL bilan tanishgan Boe «Kopengagen»ga gol urdi, «Bavariya» bilan kuch sinashdi va ikkala uchrashuvda Leroy Sanega qarshi to'p surdi. Ayniqsa, Istanbuldagi bahsda eng yaxshi o'yinchilar safida bo'ldi: to'pni raqiblaridan tortib oldi, xavfli vaziyatlarni yaratdi, darvoza tomon zarbalar yo'lladi, garchi Keynning gol urishiga qarshilik ko'rsata olmagan bo'lsa ham. Turk futboli bo'yicha bosh ekspert Elvin Kerimov Boening faoliyatini ertakka qiyosladi: «1,5 yil avval «Galatasaroy»ning o'ng qanotidagi 3-raqamli himoyachi «Bavariya» o'yinchisiga aylanganiga ishonish qiyin».
Voqea qay tariqa ro'y berdi?
2022 yil yozida «Galatasaroy»da murabbiy almashdi - Okan Burukka o'yinchilar haqida ma'lumot bergan Domenik Torrent Boe bilan hamkorlikni to'xtatishni tavsiya etgandi. Jamoaning mavsumoldi tayyorgarligida Sasha ishtirok etmadi: oilaviy sabablarga ko'ra, (nogironlar aravasida yuradigan buvisi yonida bo'lib) 19 yoshlilar jamoasida shug'ullandi. Biroq 2022/23 yillar mavsumi arafasida ikki nafar o'ng qanot himoyachisi jarohat olishdi. Shu sababli start bellashuvida Boe maydonga tushishga majbur bo'ldi. Keyinchalik futbolchi shunday degandi: «1-bo'limni juda yomon o'tkazdim. Tanaffusda o'zimga o'zim shunday dedim: «Yo 2-bo'limda bor kuchingni berasan, yoki yana U-19ga yo'l olasan». Va himoyachi o'sha o'yinning eng faollaridan biri bo'ldi: 5ta yakkakurashda g'olib chiqdi, 2 marta raqib uzatmasini ilib oldi, 4ta havodagi kurashni o'z foydasiga hal qildi va aniq uzatmalar borasida yuqori ko'rsatkichni ko'rsatdi. Natija - asosiy tarkibdan doimiy o'rin, chempionlik va EChL yo'llanmasi.
Boe Frantsiyada tug'ilgan bo'lsada, aslida kamerunliklar ajdodidan. U avvalgi AK va JCh-2022 saralashida Kamerun terma jamoasining dastlabki ro'yxatiga kiritilgandi. Lekin Sasha Frantsiya yoshlar termasi bilan Evro-U21 turnirida o'ynashni afzal ko'rdi. Biroq jarohat olgani sababli, bu jamoa zayavkasidan ham chetda qoldi.
Sodiq SOBIR tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi