So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
La liga klubida yil kelishuvi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 112
La Liga tarixida avval sira uchramagan voqea ro'y berdi - «Rayo Valekano» prezidenti Raul Martin Presa «Espanol» hujumchisi Raul de Tomas bilan muzokara chog'ida mushtlashib ketdi.
Unga yuqori komission talablar yoqmagandi
O'rtachilar talablarini eshitgan klub prezidenti shu qadar darg'azab bo'ldiki, ular safidagi huquqshunoslardan biriga musht otdi, keskin vaziyat ta'sirida uning qo'li tasodifan de Tomas agentining yuziga tegib ketdi. Yana bir necha soniyadan keyin, prezident burnidan zarba olib, engil jarohat bilan shifoxonaga yo'l oldi. Xayriyatki, uning suyaklariga zarar etmagan ekan, lekin «Valensiya»ga qarshi o'yinni prezident ayanchli holatda tomosha qildi.
Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, agent Ivan Garsiya Presaning burniga boshi bilan zarba bergan, rahbar esa buni qo'rqoqning qilig'i sifatida baholadi.
«Bu jinoyat, o'ta qo'rqoqlarcha amalga oshirilgan jinoyat. Agarda u meni ogohlantirganida, biz chinakamiga mushtlashardik», - deya qo'shimcha qildi Presa.
Klubning bir necha banddan iborat bayonotida Presa agentga qo'l ko'tarmaganligi, mojaroning asosiy tashabbuskori Ivan Garsiya ekanligi ta'kidlangan. Prezident esa darhol politsiya chaqirgan, keyin vaziyatni boshqacha talqin etgan shaxslarga nisbatan qonunga asosan javob berishlarini talab qilishini bildirdi.
Eng muhimi va asosiysi, Raul de Tomas yakunda «Rayo» o'yinchisiga aylandi. Yozda hujumchi goh «Real», goh «MYu»ga ketish istagini ma'lum qilib, «Espanol» rahbarlarining sabr kosalarini to'ldirib yuborgan, oxir-oqibat, klub u bilan shartnomani bekor qilishga rozi bo'lgan va uning o'rniga «Barselona»dan Martin Breytueytni xarid qilgandi. Grandlar de Tomasni taklif etishmadi, ammo kamtarin «Rayo Valekano» o'z tarkibiga jalb etishga rozi bo'ldi - hujumchi o'zining La Ligadagi dastlabki gollarini 2018 yilda aynan shu jamoa safida amalga oshirgandi.
Aslida, «Rayo» hujumchi uchun kurashishga tayyor edi, chunki Raul ozroq maosh olishga rozi bo'lgandi. Biroq endi yanvargacha ishsiz yurishga majbur - tomonlar transfer darchasi yopilgunga qadar kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishga ulgurmadilar.
De Tomas Qatar mundialidan ham chetda qoldi. 27 yoshli futbolchi o'tgan yili milliy jamoa tarkibida ilk uchrashuvini o'tkazgandi: Ansu Fati jarohat olganida, uni terma jamoaga jalb etishgan va saralash bosqichining Gretsiyaga qarshi uchrashuvida maydonga tushirishgandi.
«Rayo» prezidentini muxlislar yomon ko'radilar. Buning asosiy sababi - qarovsiz qolgan stadion va rahbarning klubdagi ajabtovur siyosati
Muxlislari klub rahbarini shu qadar yomon ko'radigan boshqa jamoani topish juda qiyin. «Rayo»da muxlislar muntazam ravishda norozilik namoyishlarini tashkil etadilar, hatto 2019 yilda Presaga hujum qilishga ham jur'at etgandilar. Radamel Falkaoning transferi ham keskin vaziyatni yumshata olmadi: kolumbiyalik afsonaning taqdimot marosimida unida prezident paydo bo'lishi bilan muxlislar hayqiriq va hushtakbozlikni boshlab yuborgandilar.
Qizig'i shundaki, «Rayo» fanatlari prezident bilan 11 yildan beri kurashib kelishmoqda. 2010 yilda Raul Martin Presa 40 mln. evroli qarzga botib qolgan klubning 97 foiz aktsiyasini ramziy 961 evroga xarid qilgandi. Raul - reklama magnati, marketing sohasini yaxshi tushunadi. U klubni qaytadan shakllantirishni maqsad qilgandi. Biroq muxlislar fikriga ko'ra, uning ko'pchilik qarorlari klub qadriyatlariga zid bo'lgan. Presa Zozulya va o'ng siyosatchilarni taklif etishdan tashqari, 2016 yilda Oklaxomada «Rayo Valekano» filialini ochishni rejalashtirilgandi - u erda soliqlar ancha arzon. Bu reja ham muxlislarga yoqmadi va tezda barbod bo'ldi.
11 yil ichida Presaga beriladigan savollar ko'payib ketdi. Asosiy e'tiroz - stadionning o'ta yomon holatdaligi. Tribunalar o'ta achinarli holatda, yoritish tizimi talab darajasida emas, muxlislar o'zlari bilan fonar olib yurishga majbur bo'lishmoqda. Xavfsizlik masalasida muammolar etarli, hojatxonalarda qog'oz va chiroqlar yo'q. Rakovinalar iflos, unitazlar teshik va sifonlarsiz.
La Ligaga qaytgan «Rayo Valekano»ning o'z maydonidagi dastlabki uchrashuvini atigi 583 muxlis bevosita stadionda kuzatdi. Ular prezidentning mavsumiy abonementlarni bekor qilganiga qaytargan o'ziga xos norozilik belgisi edi. La Liganing boshqa barcha jamoalarida mavsumiy abonementlar joriy etilgan. Bundan tashqari, «Rayo»da kirish chiptalarining bahosi 25 evro, ularni faqat bevosita kassadan xarid qilish mumkin, onlayn savdoning iloji yo'q.
Asosiy tarkib o'yinchilarining 50 foizi bonus pullarini o'z vaqtida ololmaydilar, maoshlarning kechikishi ham ba'zan bo'lib turadi.
Qizig'i shundaki, abonementlarning bekor qilganida Presa koronavirus tufayli yuzaga kelgan beqaror vaziyatni bahona qilgan bo'lsa, ish haqi bilan ta'minlashdagi uzilishlarda hisobchining ketib qolgani bilan o'zini oqlagandi.
«Rayo Valekano»ning ayollar jamoasi - alohida mavzu: tomonlar shartnoma xususida kelishuvga erishgan bo'lsalarda, o'yinchilar mashg'ulotlarda kontraktsiz qatnashadilar. Ularga maosh berilmaydi. Ayrim qizlarni klub ijaraga olgan xonadonlardan chiqarib yuborildi, ayrimlari xonalarida mebel yo'qligi bois, polda uxlaydilar. Futbolchi qizlar isyon ko'tarib, La Liga rahbarlariga shikoyat qilishgach, muammo hal qilindi.
Shu yilning fevralida ayollar jamoasi murabbiyining eski audio ma'lumotlari tarmoqlarda oshkor etildi. Unda ayol futbolchilarni jinsiy yaqinlikka da'vat etilgandi. Bunga javoban prezident fanatlarning fikr-mulohazalariga umuman e'tibor bermasligini bildirdi.
D.ALIMOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi