So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Kazemironing «MYu»ga qanday foydasi tegadi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 111
Hammasidan ham, Kazemironing bir necha yil avvalgi bir intervyusidan parcha yoqdi: “Men o'yin tugagach, necha marta raqibdan to'p olib qo'yganim va shunga o'xshash ko'rsatkichlarga qarayman. Bu men uchun gollar va assistlardan ham muhimroq. Albatta, futbolchiga baho berishda uning to'p bilan amalga oshirgan harakatlari e'tiborni tortadi, lekin aslida o'yin 90 daqiqa davom etadigan bo'lsa, futbolchida bunday daqiqalar ko'pi bilan atigi 2-2,5 daqiqani tashkil qiladi. To'psiz paytda ham futbol o'ynaysiz – to'g'ri harakatlanib, sheriklaringizga hujum uyushtirish imkonini berasiz, raqib foydalanishi mumkin bo'lgan ochiq zonalarini to'ldirasiz, ularning hujum uyushtirishiga qarshilik qilasiz, to'p uchun kurashasiz va hokazo. Bu yanada muhim”.
Xo'p, endi, transfer deyarli aniq bo'lgach, foydali tomonlariga yuzlanamiz. Albatta, pullarni bir chetga surgan holda.
Kazemironing transferiga faqat uning 30 yoshda ekanligi va to'langan pullar rakursidan qaraganda, salbiy baho berish mumkin xolos, aslida u — ayni paytda o'z ampluasida dunyoning eng yaxshi futbolchisi. Aynan shu amplua “Manchester Yunayted”ning so'nggi yillardagi, balkim yosh Maykl Karrikdan so'ng, asosiy muammosi ekanini inobatga olsak, top-transfer.
To'g'ri, Erik ten Xag o'z jamoasini qurayotgani va buning uchun ancha yoshroq futbolchilar kerak bo'lishi ko'p aytilmoqda, lekin murabbiyda, umuman klubda ushbu jarayondan tashqari, joriy natijalar uchun ham mas'uliyat bor. Agar g'alabalar, hech bo'lmasa, EChL yo'llanmasi uchun munosib kurash bo'lmasa, har qanday jarayon havoga uchadi, hatto Ten Xagning ham kursisi qimirlaydi, bu shunaqa klub.
Shunday ekan, bir paytlar Brendon Rojersning ayni shunday holatlar haqidagi fikrini eslaymiz. “Top klubda yangi jamoa qurish jarayoni uchib ketayotgan samolyotni tuzatishga o'xshaydi” – degandi u “Liverpul”da ishlab yurganida. Biz Potterning “Brayton”idan yoki Moyesning “Vest Hem”idan qanchalik hayratga tushmaylik, u butunlay boshqa ish – sizga sabr qila olishadi. Hatto Erik ten Xag ham “Ayaks”da osonroq vaziyatda bo'lgan, zero Erdiviziyada bu qadar kuchli va ayovsiz qarshilik yo'q. Uning dastlabki ikki o'yindan keyin, har qanaqa yoshdagi, har qanaqa futbolchilarning kelishiga rozi bo'lishini tushunish oson – unga imkon qadar ko'proq ijrochi kerak. Fred va Maktominey top-6 dagi birorta jamoa tugul “Vulverhempton”ning asosiy tarkibiga kira olishmasdi, ularning o'rniga tushishi mumkin bo'lganlar esa – Zidan Ikbol va Jeymi Garner.
Xullas, bu nyunslar bilan fikrlaganda, Kazemiro – top transfer. Hatto De Yongdan ham zarurroq. U ten Xag kelajakda quradigan yangi va balki kuchli jamoaning asosiy tarkibida bo'lmasligi mumkin, ammo ayni paytda, o'sha jamoaning qurilishida u yordam beradi. Yuqorida bu jarayon samolyotga o'xshatildi-ku, qaerdadir, kemaga ham o'xshatilganini ko'rdim – "Suzib ketayotgan kemani ta'mirlash qiyin emas, agar unda teshiklar bo'lmasa, barcha mehnat o'sha teshiklardan chiqayotgan suv bilan kurashishga ketib qolavermasa...”.
Kazemiro o'sha teshikni yopishi kerak.
Qahramon Aslanov.