So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Fabregas Italiyaning eng boy klubida!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 99
Ne-ne umidlar bilan «Monako» safiga qo'shilgan ispaniyalik afsona Sesk Fabregasning knyazlik klubidagi ishlari umuman o'xshamadi.
U avvaliga tizza jarohatini davolashga naq yarim yil sarfladi, keyin aprel oyida maydonga qaytish taraddudiga tushgan pallada koronavirusga chalinib, yana chetga surildi. Shu tariqa nomdor yarim himoyachi butun mavsum davomida atigi 2ta o'yinda ko'rinish berdi, xolos. «Monako» bilan o'rtamizdagi hamkorlik poyoniga etdi. Shartnoma muddati tugamoqda, klub uni uzaytirishni istamaydi, men ham. Qaergadir ketish niyatidaman. Bu mavsum nafaqat faoliyatim, balki butun hayotim mobaynidagi eng yomon davrga aylandi. Futboldan qoniqish topmadimmi, hayotimdan mamnun emasman. To'g'risi, mavsum bo'yi rosa qiynaldim, ruhan ezildim. Lekin, hammasi izga tushib ketishidan umidvorman, faqat «Monako»dan ketishim aniq», - degandi Sesk may oyida.
***
Fabregas shundan so'ng avvaliga murabbiylik sohasiga bosh suqishni rejalashtirdi. Lekin oradan hech qancha vaqt o'tmay, fikrini o'zgartirdi - faoliyatiga shu qadar nursiz nuqta qo'yishi mumkin emasligini tushunib etdi: «Tanishlarimdan biri meni yordamchi murabbiy roliga taklif etgach, boshida shunisi ma'quldek ko'rindi. Biroq keyin o'y-xayollar tinchlik bermadi - mavsumni shunchalik yomon yakunladimki, faoliyatimga bunday nuqta qo'yishim yaramaydi. Shu tariqa yana o'ynashga qaror qildim. Qaerda va qaysi jamoada - buning ahamiyati yo'q». Afsonani chorlashga orzumand klublar ko'p emasdi. Orada kamtarin «Las-Palmas» aloqaga chiqdi, lekin tomonlar moliyaviy masala bo'yicha kelisholmadilar. Ayni shu pallada Fabregas Italiya chempionati ikkinchi divizioni ishtirokchisi «Komo»dan qiziqarli taklif oldi.
***
Diqqat, «Komo» sohiblari deylik, Silvio Berluskonidan 6 karra badavlatroq. To'g'ri, maksimal darajada kamtarin jamoa o'z tarixida biror yuksak natijaga erishgan emas. «Komo»ni 2017 yilning martida Maykl Essenning sobiq rafiqasi sotib olgandi. Biroq xonim 200 ming evroga teng qarzni uzolmadi va «Komo» atigi 3 oydan so'ng professional klub maqomidan ayrildi. O'shanda jamoa loyihasi tanazzulga uchragandi, hisob. Biroq kutilmaganda mo''jiza ro'y berdi: 2019 yili kamtarin jamoani indoneziyalik aka-uka milliarderlar - Robert va Maykl Xartono xarid qilishdi. Ular darhol yig'ilib qolgan qarzdorlikni bartaraf etdilar va «Komo» shiddat bilan «V» seriyaga ko'tarilib, o'rtamiyona ishtirokchilar qatoridan joy oldi. Xartonolar oddiy kishilar emaslar, albatta. Forbs jurnali aka-ukalar bisotidagi umumiy boylikni 45,5 mlrd. dollarga baholagan. Hatto yakka-yakka hisoblaganda ham, har ikki Xartono sayyoramizning 70 nafar eng boy shaxslari ro'yxatida. Xullas, ular Italiya futbolidagi eng badavlat klub sohiblariga aylandilar. Taqqoslash uchun keltirsak, ikkinchi raqamli boy inson - Silvio Berluskonining mulki 6 baravar kam, uning «Montsa»ga kiritayotgan sarmoyasi ham...
***
Indoneziyalik aka-ukalar Osiyoda ko'plab yirik banklar va mehmonxonalarni o'z tasarruflariga olishgan. Asosiy daromad manbalari esa - otalaridan meros qolgan Djarum kompaniyasi. Osiyo tamaki bozorining 20 foizi shu guruh nazorati ostida. O'tgan asrning 70- yillaridayoq xalqaro bozorga chiqqan Xartonolar oilasi keyinchalik Indoneziyadagi ko'chmas mulklarni xarid qila boshlagan. Tez orada mamlakat poytaxti - Jakartadagi barcha yirik savdo markazlari aka-ukalar izmiga o'tadi. «Komo»ning sotib olinishi ham ko'pchilik e'tiborini tortdi. Indoneziyada Xartonolarning futbolga nega yirik sarmoya kiritishganini tushunolmadilar. Chunki bu mamlakatda futbol samara bermaydigan soha hisoblanardi. Keyinchalik Italiya klubi Robertning shaxsiy rejasi asosida xarid qilingani oydinlashdi. Bu vaqtda «Komo» umuman xarajat qilmadi, yozga qadar yulduz o'yinchilarni xarid qilishga ham urinmadi. Faqat o'tgan yili matbuotda Jek Uilsher jamoa mashg'ulotlarida qatnashishi xususida xabarlar chiqdi. Biroq angliyalik futbolchi bilan shartnoma tuzishga Breksit xalal berdi. Jekning keyinchalik aytishicha, unga «Komo»da shug'ullanishni do'stlari, aniqrog'i, yaqin tanishi - klub sport direktori Dennis Uayz tavsiya etgan ekan.
«Komo» 2019 yilning may oyida «Chelsi» afsonasini sport direktori lavozimiga tayinlab, o'z tarixidagi eng samarali kelishuvni amalga oshirgandi. Uayz Angliyada shu qadar ardoqli afsonaki, vaqtida uning butsalarini kimsan Jon Terri tozalagan holatlar ham bo'lgan ekan. «O'ylaymanki, har qanday nomdor klubda futbolni boshqalardan yaxshiroq tushunadigan loaqal bir nafar mutaxassis ishlashi shart. Avval «Yuventus», keyin «Inter»da sport direktori rolini bajargan Marotta ayni shu jihati bilan ustun turardi. Dennis hozir shunday maqomda, - degandi Djarum imperiyasining TV bo'limi rahbari Miran Suvarso o'tgan mavsum. - Biz yoshlar dasturi bo'yicha hamkorlik tufayli tanishganmiz. Birgalikda indoneziyalik bolakaylar manfaati uchun ish olib boramiz. Uayz o'yinchi sifatida mitti anderdogni eslatardi. Biroq shu holida Angliyaning eng sara yarim himoyachilari safida yurardi. Jussasi ikki baravar katta Patrik Vieyrani qay tariqa dog'da qoldirgani tasvirlangan suratni alohida qadrlayman. Bilasizmi, yana bir jihat bor - Dennis umuman qo'rqmaydi, qo'rqish nimaligini bilmaydi. U doimo shunday. Endi klubga e'tibor qarating - biz haqiqiy autsaydermiz. Uning munosabati esa tahsinga loyiq. «Komo»da amalga oshirayotgan ishlariga qoyil qolmaslikning iloji yo'q».
***
Dennis chindan ham, klubda bor bilim-malakasini ayamay ishlaydi. U ko'p millionli xaridlar o'rniga o'zaro tushunib o'ynaydigan eski tarkibni saqlab qolish va kamchiliklarni bartaraf etishni afzal ko'rdi. «Komo» tarkibida «D» va «S» seriyalarida to'p surgan futbolchilar ham bor. Mutasaddilar bu yo'l bilan muvaffaqiyatga erishish oson emasligini yaxshi bilishadi, ammo har bir futbolchining salohiyatini to'la-to'kis yuzaga chiqarayotgan ijodiy muhitga xalal berishni istashmaydi: «V» seriyasidagi raqobat darajasini aniqlash uchun vaqt talab etiladi. Ligada saviyali jamoalar, iqtidorli ijrochilar etarli. Muhimi, o'z g'oyamizga ishonamiz. Hozir 11-o'rindamiz. Mavsum avvalida hamma klubimizni so'nggi pog'onada tasavvur qilgandi. Bizga esa baribir, o'z yo'limizda davom etamiz»
***
Indoneziyaliklar nega aynan kamtarin «Komo»ni tanladilar? Gap shundaki, ular Italiya klubi zamirida indoneziyalik yosh futbolchilar uchun lager yaratmoqchilar. Binobarin, Robert mamlakat futbolini rivojlantirish va ommalashtirish dasturi homiysi hisoblanadi. Avvaliga bunday lager Londonda tashkil etilgandi. Biroq o'sha Breksit tufayli futbolchilarni Angliya poytaxtida shug'ullantirish ancha qimmatga tushayotgan, tashkiliy masalalar qiyinchiliklar tug'dirayotgandi. Shu tufayli boshqa variant qidirildi va yakunda Komo shahri tanlandi. Bu go'sha yashil manzarasi bilan ham mashhur.
***
Mana, Robert Xartono nihoyat, klubga sarmoya kiritishni ham boshlab yubordi. Hozircha uning barcha rejalari ma'lum emas. Anig'i shuki, milliarder Fabregas transferidan so'ng endi stadionni qayta ta'mirlash va tribunalar sig'imini 7000ga etkazishni mo'ljallamoqda. Navbatdagi bekat - «A» seriyasi yo'llanmasi. Sesk uchun esa faoliyatini risoladagidek yakunlashiga bir mavsum yoki mavsumlardagi yorqin o'yinlar. Bo'sh kelma, Sesk!
Manba: sports.ru,
Sodiq RAHMON tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi