"Yuventus" yanvar oyidagi transfer maqsadini belgilab oldi

"Marsel" yarim himoyachisi Per-Emil Xyoyberg "Yuventus"ning transfer maqsadiga aylandi. Turin klubi daniyalikni o'z safiga qo'shib olishni mo'ljallamoqda va kelasi yozgacha kutmoqchi emas - bosh murabbiy Luchano Spalletti futbolchini jamoada yanvar oyidayoq ko'rmoqchi, deya ta'kidlaydi jurnalist Ekrem Konur.
Muammo shundaki, "Marsel" mavsum o'rtasida xavbekni qo'yib yubormoqchi emas - murabbiy Roberto de Dzerbi uni "daxlsiz" deb hisoblamoqda.
30 yoshli Per-Emil Xyoybergning transfermarkt’dagi narxi 20 mln evroga baholanmoqda. Avvalroq, "Yuventus" Spalletti talabiga ko'ra ijodkor yarim himoyachini o'z safiga qo'shib olishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.