«Yuventus» klubi yozgi transfer oynasida Madridning «Real» klubidan uch nafar futbolchi bilan tarkibini kuchaytirib olishi mumkin. Tuttosport nashrining xabar berishicha, «keksa sinora» chap qanot himoyachisi Fran Garsiya hamda hujumkor yarim himoyachi Braim Diasga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, turinliklar mavsum yakunida erkin agentga aylanadigan markaziy himoyachi David Alabani ham taklif etish variantini ko'rib chiqishyapti.

Transfermarkt portali bahosiga ko'ra, 26 yoshli Garsiya va Diasning transfer bahosi mos ravishda 12 va 35 million evroni tashkil etadi. 33 yoshli Alabaning bahosi esa – 3,5 million evro. «Yuventus» A Seriya tugashiga ikki tur qolganida turnir jadvalida uchinchi o'rinni egallab turibdi, biroq hali Chempionlar ligasidagi ishtirokini naqd qilgani yo'q.