"Yuventus" Randal Kolo-Muanini yana o'z safiga qo'shib olmoqchi

"Yuventus" hujumchi Randal Kolo-Muanini qaytarishga umid qilmoqda.
Frantsiyalik futbolchi joriy mavsumni "Tottenxem"da ijara asosida o'tkazmoqda. O'yinchiga bo'lgan huquqlar hanuz "Pari Sen-Jermen"ga tegishli, biroq Parij klubi unga ishonch bildirmayapti.
Gazzetta dello Sport nashrining xabariga ko'ra, "Yuventus" Kolo-Muanini sotib olish ustida faol ish olib bormoqda — "PSJ" bilan muzokaralar yaqin orada bo'lib o'tishi kutilyapti. 27 yoshli futbolchining o'zi ham Turinga qaytishni istamoqda. Frantsiya grandi rahbariyati "Ayntraxt Frankfurt"ning sobiq yulduzini sotib yuborishga tayyor.
Transfermarkt portali ekspertlari hujumchining bozor qiymatini 22 million evroga baholamoqda.