«Yuventus» La Liga top-klubi hujumchisi bilan kelishuvga erishdi

Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Aleksandr Syorlot «Yuventus»ga o'tishga tayyor. «Keksa sinora» 30 yoshli futbolchi bilan shartnoma shartlari bo'yicha kelishuvga erishdi, deb xabar bermoqda insayder Janluka di Martsio.
Endi turinliklar transfer tafsilotlarini «Atletiko» bilan kelishib olishlari kerak, biroq bu borada muammolar mavjud: «matraschilar» norvegiyalik hujumchining sotuvidan kamida 30 million evro ishlab olmoqchi, A Seriya grandi esa faqatgina 25 million evro taklif qilishga tayyor. Klublar o'rtasidagi muzokaralar davom etmoqda.
Yakunlangan mavsumda Aleksandr Syorlot Diego Simeone jamoasi safida 54 ta uchrashuvda maydonga tushib, 20 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.