Turinning "Yuventus" klubi moliyaviy barqarorlikni ta'minlash maqsadida, agar Evropa chempionlar ligasiga yo'llanma ololmasa, yozda uch nafar futbolchisini sotishga majbur bo'lishi mumkin. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar berdi.

Manba ma'lumotiga ko'ra, klub yarim himoyachi Kefren Tyuram-Yulen hamda himoyachilar Per Kalyulyu va Bremer bo'yicha transfer takliflarini ko'rib chiqishga tayyor.

Shuningdek, «Yuventus» Chempionlar ligasiga chiqolmagan taqdirda, "Liverpul" darvozaboni Alison Beker va "Manchester Siti" yarim himoyachisi Bernardu Silvani transfer qilish ehtimoli juda past ekani ta'kidlanmoqda.

31 turdan so'ng Italiya chempionatida «Yuventus» 57 ochko jamg'arib, 5-o'rinni egallab turibdi va hozircha Chempionlar ligasi yo'llanmasi beruvchi hududdan tashqarida qolmoqda.

Manba: championat.com