Hozirda erkin agent maqomida bo'lgan germaniyalik xavbek Leon Goretska shu yozda «Milan» klubiga o'tishi amrimahol. Bu haqda Milan News nashri xabar bermoqda.

Manbaning ta'kidlashicha, tomonlar avvalroq muzokaralar olib borishgan, biroq «rossonerilar» rahbariyati va murabbiylar shtabidagi o'zgarishlardan so'ng, yarim himoyachining ushbu jamoaga o'tish imkoniyatlari keskin pasayib ketgan. Ayni damda Goretskaning xizmatlariga A Seriyaning boshqa bir vakili — Turinning «Yuventus» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda.

31 yoshli futbolchining so'nggi ish joyi Myunxenning «Bavariya» klubi bo'lgan edi. Goretska 2025/2026 yilgi mavsum yakunida jamoani tark etgan. Transfermarkt portali ekspertlari yarim himoyachining bozor qiymatini 12 million evroga baholashmoqda.

Manba: Stadion.uz