Turinning «Yuventus» klubi «Liverpul» bilan braziliyalik darvozabon Alisson Beker transferi bo'yicha muzokaralarni boshladi.

Tuttosport nashrining xabariga ko'ra, Italiya klubi rahbariyati inglizlarga 5 million evro miqdoridagi ilk taklifni yuborgan. Mersisaydliklar esa 33 yoshli posbonni ancha balandroq — taxminan 20 million evroga baholamoqda.

Shunga qaramay, Turindagilar optimizmni saqlab qolishmoqda va muzokaralar davomida narxni tushirishga umid qilishmoqda, chunki Alissonning o'zi A Seriyaga qaytishga qiziqish bildirmoqda. «Yuventus» «Roma»ning sobiq darvozaboniga yiliga 4,5 million evro maosh bilan 3 yillik shartnoma taklif qilishga tayyor.

«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot esa tajribali darvozabonning ketishi jamoa ichki muhitiga salbiy ta'sir qilishidan xavotirda. Alissonning kelajagi noaniq bo'lib turgan bir paytda, o'tgan yozda uning o'rinbosari sifatida sotib olingan Georgiy Mamardashvilining bir nechta A Seriya klublariga ijaraga taklif qilinayotgani haqida xabarlar paydo bo'ldi.

Agar Alisson transferi amalga oshmasa, «Yuventus» muqobil variantlarni ko'rib chiqadi. Ular orasida «Fiorentina» darvozaboni David de Xea ham bor.