Kecha Andijondagi «Bobur Arena» stadioni haqiqiy futbol bayramiga mezbonlik qildi. O'zbekiston Superkubogi uchun kechgan bahsda Farg'onaning «Nefti» jamoasi Toshkentning «Paxtakor» klubi ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozonib, bosh sovrinni qo'lga kiritdi.

Ushbu tarixiy g'alabadan so'ng «Neftchi» klubida faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassis Yurgen Gyode o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

Yurgen, avvalambor Superkubokdagi zafar bilan tabriklaymiz! Siz ilgari ham yurtimizda ishlagansiz. Bu gal jamoaga moslashish qanday kechdi?

— Tabrik uchun tashakkur. Klubdagi ajoyib muhit tufayli moslashish qiyin bo'lmadi. Barcha bizni o'z oila a'zosidek qabul qildi va doimiy qo'llab-quvvatlab turdi.

O'zbekistondagi faoliyatingiz davomida ilk bor Superkubokda zafar quchdingiz. Hozirgi hissiyotlaringiz qanday?

— Tuyg'ularimni so'z bilan ta'riflash qiyin. Ayniqsa, kubokni Farg'onaga olib borganimizda ko'chalarga chiqib bizni kutib olgan minglab muxlislarning quvonchini ko'rish beqiyos baxt. Ularga katta rahmat aytaman.

Ushbu sovrin faoliyatingizdagi eng muhimlaridan biri, deya olamizmi?

— Shubhasiz. Chunki bu — tarixiy chempionlik va u jamoa solnomasida alohida iz qoldiradi.

Ruhiy jihatdan jamoani finalning so'nggi soniyalarigacha tayyor holda ushlab turish qanchalik murakkab bo'ldi?

— Finalda har qanday kutilmagan holat yuz berishi mumkin. Lekin men o'z shogirdlarimga oxirgi soniyagacha ishongan edim va ular bu ishonchni oqlashdi.

Andijondagi bahsda qaysi futbolchini alohida e'tirof etgan bo'lardingiz?

— Men faqat futbolchilarni emas, balki bu g'alaba uchun mehnat qilgan hammani — shifokorlar, jismoniy tayyorgarlik murabbiylari, administrator va klub rahbariyatini alohida ta'kidlagan bo'lardim. Bu — umumiy mehnatimiz mahsuli.

Stadiondagi muhit haqida nima deya olasiz?

— «Bobur Arena»ga tashrif buyurgan va tribunalarni to'ldirib, jamoani oldinga undagan farg'onalik muxlislarga faqat «Bravo!» deyish mumkin. Ular yaratgan muhit haqiqatan ham ajoyib bo'ldi!