"Manchester Yunayted" futbolchilari jamoa yarim himoyachisi va sardori Brunu Fernandesh o'tgan yozda mankunianliklar uni sotmoqchi bo'lganidan afsusda ekani haqida bergan intervyusi fonida tez orada jamoani tark etishi mumkin, deb hisoblamoqda. Bu haqda talkSPORT xabar bermoqda.

Manbaga ko'ra, 31 yoshli futbolchining shartnomasida kelasi yozda xorij klublari uni 57 mln funtga (64,9 mln evro) sotib olishi mumkinligi haqida band bor. Ta'kidlanishicha, "Bavariya" portugaliyalik yarim himoyachi o'yinining katta muxlisi bo'lib qolmoqda.

Joriy mavsumda Fernandesh barcha musobaqalarda 17ta o'yinda maydonga tushib, beshta gol va ettita assistni o'z hisobiga yozdirib qo'ydi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portalida keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, futbolchining bozor narxi 40 mln evroni tashkil etadi.