Yens Lemann Kepaning finaldagi qo'pol xatosiga izoh berdi

Germaniyalik sobiq darvozabon Yens Lemann Angliya liga kubogining yaqinginada bo'lib o'tgan «Manchester Siti»ga qarshi final o'yinida Kepa Arrisabalaga yo'l qo'ygan muvaffaqiyatsizlikka munosabat bildirdi.
Uchrashuv «kanonirlar»ning 0:2 hisobidagi mag'lubiyati bilan yakunlandi. Ispaniyalik posbon «shaharliklar» tomonidan kiritilgan gollardan birida qo'pol xatoga yo'l qo'ygan edi.
«Artetaning qarorini xato deb hisoblamayman. Kepa — yaxshi darvozabon, u jamoaning finalga chiqishiga yordam berdi va o'zini ko'rsata oldi. O'sha vaziyatda uning to'pni egallab olishga harakat qilganining o'zi ko'p narsadan dalolat beradi. Ehtimol, u vaziyatni noto'g'ri baholagandir, lekin bunday holat hammada ham sodir bo'lib turadi», — deya «Arsenal»ning sobiq posboni Lemannning so'zlarini keltirmoqda Sport Bible.
Eslatib o'tamiz, final uchrashuvida Arrisabalaga londonliklarning asosiy darvozaboni David Rayyaning o'rnini egallagan edi.