«Brayton» va Yaponiya terma jamoasi vingeri Kaoru Mitoma Shimoliy Amerikada bo'lib o'tadigan Jahon chempionatida o'z jamoasiga yordam bera olmaydigan bo'ldi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Mitomaning 9 may kuni «Vulverxempton»ga qarshi o'yinda olgan jarohati kutilganidan ancha jiddiy bo'lib chiqdi.

Yaponiya terma jamoasi ustozi Xajime Moriyasu ushbu haftada (15 may kuni) JCh-2026 uchun yakuniy tarkibni e'lon qilishi kerak edi, biroq Mitomaning chap oyoq sonidagi jarohati sababli uning turnirda ishtirok etish imkoniyati yo'qqa chiqdi.

Yaponiya terma jamoasining JCh-2026 guruh bosqichidagi taqvimi:

14 iyun: Yaponiya — Niderlandiya

20 iyun: Yaponiya — Tunis

25 iyun: Yaponiya — Shvetsiya

Mitoma joriy mavsumda «Brayton» safida 27 ta o'yinda maydonga tushib, APLda 3 ta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan edi. Shuningdek, u yaqinda Angliya terma jamoasiga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuvida Yaponiyaga g'alaba keltiruvchi golni urgan edi. Uning yo'qligi «samuraylar» uchun katta yo'qotish bo'lishi kutilmoqda.