«Barselona» klubi «Kamp Nou» stadionining sig'imi kengaytirilishi sharofati bilan qo'shimcha daromad olishni boshlaydi.

Cadena SER nashrining Què t’hi Jugues dasturiga tayanib xabar berishicha, stadionning uchinchi yarusi qurib bitkazilgach, «Barselona» uy arenasining maksimal sig'imi 105 000 tomoshabinga etadi. Bu esa klubga yiliga taxminan 80 million evrogacha qo'shimcha mablag' olib kelishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, stadionning uchinchi qavatida VIP-lojalar ham joylashtiriladi.

Umumiy hisobda, «Barselona» «Kamp Nou» rekonstruktsiyasidan so'ng daromadlarini 350 million evroga oshirishni rejalashtirgan. Arena kelasi mavsum oxirigacha to'liq sig'imda ishlay boshlashi kutilmoqda, biroq yangilangan stadion 2028 yildan erta bo'lmagan muddatda to'liq hajmda foyda keltira boshlaydi.