Madridning «Atletiko» klubiga tegishli bo'lgan sloveniyalik darvozabon Yan Oblak faoliyatini Italiya A Seriyasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda insayder Janluka Di Martsio xabar bermoqda.

Jurnalistning ma'lumotlariga ko'ra, Turinning «Yuventus» klubi golkiperni o'z safiga qo'shib olishga qiziqish bildirmoqda. Agar «Aston Villa»dan argentinalik Emiliano Martines transferi amalga oshmay qolsa, «keksa sinora» Oblakni qo'lga kiritishga harakat qilib ko'rishi mumkin.

33 yoshli sloveniyalik posbon 2014 yilning yozidan buyon Madrid grandi sharafini himoya qilib kelmoqda. Tomonlar o'rtasidagi amaldagi mehnat shartnomasi 2028 yilning iyun oyi oxirida yakuniga etadi. Futbolchining transfer bozoridagi narxi 15 million evroga baholanmoqda.