Yamal mavsumda uchinchi bor oyning eng yaxshi o'yinchisi bo'ldi

«Barselona» hujumchisi Lamin Yamal Ispaniya chempionatida aprel oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi, deya xabar bermoqda La Liga matbuot xizmati.
Aprel oyida u uchta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol va 2 ta golli uzatmani o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.
18 yoshli forvard ushbu sovrin uchun kurashda Lukas Boye («Alaves»), Vedat Muriki («Malorka»), Karlos Soler («Real Sosedad») va Federiko Vinyasni («Real Ovedo») ortda qoldirdi.
Ispaniyalik futbolchi joriy mavsumda uchinchi bor bunday e'tirofga sazovor bo'ldi — u avvalroq noyabr va dekabr oylarida ham oyning eng yaxshi o'yinchisi deb topilgan edi.