Xvicha Kvaratsxeliya «PSJ» klubiga terma jamoa safida o'ynash imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi

24 yoshli gruziyalik vinger, hozirda «PSJ» jamoasida to'p surayotgan Xvicha Kvaratsxeliya, 2026 yilgi jahon chempionati saralashi bahslarida milliy jamoasiga yordam berish imkoniyati uchun klubiga minnatdorchilik izhor qildi.
«Tayyorgarlik ko'rish uchun etarli vaqt bo'lgani juda yaxshi. Eng muhim jihati — har bir futbolchi o'zini yaxshi his qilishi. Klubimga katta rahmat aytmoqchiman, u menga ushbu o'yinga 100 foiz tayyor bo'lishimda katta yordam berdi. Keyingi uchrashuvlarga ham imkon qadar yaxshi tayyorlandim. Jamoamiz jahon chempionatiga chiqish uchun hali bor imkoniyatdan foydalanishga harakat qiladi. Bu o'yinlarning ahamiyatini yaxshi tushunamiz. Umid qilamanki, murabbiy ko'rsatmalariga amal qilib, barchasi bizning foydamizga yakun topadi», — deya Kvaratsxeliyaning so'zlarini *Footmercato.net* keltiradi.
Futbolchi terma jamoa o'yinlaridan oldin oyoqning bo'g'im qismida jarohat olgan va bir nechta o'yinlarni, jumladan Chempionlar Ligasidagi «Barselona»ga qarshi bahsni ham o'tkazib yuborgan edi. Biroq u o'z vaqtida tiklanishga ulgurdi.
Gruziya terma jamoasi yaqinda safarda ikki o'yin o'tkazadi: 11 oktyabr kuni Ispaniyaga qarshi va 14 oktyabr kuni Turkiyaga qarshi.