Xulian Alvares «Barselona»ga o'tishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvaresga «Barselona»ga ehtimoliy o'tishi haqida navbatdagi savol berildi.
Argentinalik futbolchini Kataloniya klubi bilan bog'lash to'xtamayapti. «Matraschilar» forvardi «ko'k-anorranglilar»ning asosiy transfer maqsadlaridan biri hisoblanadi.
«Men «Atletiko»da baxtliman va «Barselona»ga o'tish haqida hech qachon hech narsa demaganman. Bu shov-shuvlar tufayli hamma narsa chigallashib ketdi (tartibsizlikka aylandi), lekin hozirgi klubimda hammasi joyida.
Keyingi mavsumda «Atletiko»da o'ynaymanmi? Balki ha, balki yo'q, lekin hozir bu erda baxtliman», — deya 26 yoshli futbolchining so'zlarini keltiradi The Touchline.
Seshanba kuni Alvares Chempionlar ligasi doirasida «Tottenxem»ga qarshi kechgan o'yin (5:2) qahramonlaridan biriga aylandi — u o'z hisobiga ikkita gol va bitta golli uzatmani yozdirib qo'ydi.