Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Xolandning otasi Alf-Inge Xoland o'g'lining Frantsiya milliy terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe bilan bo'lgan raqobati haqida fikr bildirdi. Terma jamoalar JCh-2026 guruh bosqichining 3-turi doirasida 26 iyun kuni o'zaro maydonga tushishadi.

«Ular anchadan beri raqobatlashib kelishmoqda. O'ylaymanki, ularga ushbu chaqiruv yoqadi va bu ikkalasini ham motivlashtiradi. Agar biri gol ursa, ikkinchisi ham gol urishni xohlaydi. Kilian — fantastik futbolchi. Erling ham juda yaxshi o'yinchiga aylanib bormoqda. Bu qarama-qarshilik kelajakda juda qiziq bo'ladi», — deya norvegiyalikning so'zlarini keltiradi «RMC Sport».

Jahon chempionati — 2026 AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida 11 iyundan 19 iyulgacha bo'lib o'tmoqda. Turnirning amaldagi chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi.

Manba: Stadion.uz