Xedira: "Xabi Alonso — dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri"

"Real Madrid"ning sobiq yarim himoyachisi Sami Xedira Xabi Alonsoning katta sahnaga va vaqti kelib "Bernabeu" murabbiylik o'rindig'iga qaytishi faqat vaqt masalasi ekaniga ishonch bildirdi.
"Enterprise Rent-A-Car" kompaniyasining "Real Club Legends" kampaniyasi doirasidagi tadbirda nutq so'zlagan Xedira Alonsoning murabbiylik faoliyatini yuqori baholadi: "U dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri bo'lishda davom etishiga aminman. Uning "Leverkuzen" bilan erishgan yutuqlari hayratlanarli edi".
Shuningdek, Xedira Alonsoning uslubini tushunish uchun sabr-toqat kerakligiga e'tibor qaratdi. "Uning Leverkuzendagi dastlabki to'rt oyiga nazar tashlasak, u erda ham qiyinchiliklar bo'lgan edi. Ba'zi o'yinlarda yutqazdi, natijalar u qadar yaxshi emasdi. O'z tizimini joriy qilish uchun vaqt kerak bo'ldi", — deya tushuntirdi u. "Uning o'yin uslubi vaqt, maydondagi muloqot, futbolchilarning tushunishi va ishonchni talab qiladi".
Xediraning fikricha, Madridda aynan mana shu sabr etishmadi. "Balki u o'z uslubiga haddan tashqari ko'p e'tibor qaratgandir va top-futbolchilariga kerak bo'lgan uslubga kamroq urg'u bergandir. Bu eng muhim jihat bo'lishi mumkin. "Real Madrid", albatta, o'ziga xos alohida olamdir".