Xaverts Kyurasao ustidan qozonilgan yirik g'alaba haqida: «Bu bizga ishonch bag'ishlashi kerak»
Germaniya terma jamoasi hujumchisi Kay Xaverts Kyurasao terma jamoasi ustidan qozonilgan g'alaba 2026 yilgi Jahon chempionatidagi keyingi o'yinlar oldidan jamoasiga ishonch bag'ishlaydi, deb hisoblaydi.
14 iyun kuni nemislar raqiblarini 7:1 hisobida mag'lub etishdi. 27 yoshli Xaverts uchrashuvda dubl qayd etdi (gollardan birini penaltidan kiritdi) va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
«Agar o'yinning katta qismida qanday harakat qilganimizga e'tibor qaratsak, natijadan qoniqish hosil qilsak bo'ladi. Bu bizga bo'lajak vazifalar oldidan ishonch bag'ishlashi kerak. Jahon chempionatidagi ilk o'yin doim qiyin kechadi... biz buni avval ham ko'rganmiz. Shu sababli 7:1 hisobidagi g'alabadan juda xursandmiz. Bu yaxshi start bo'ldi. Endi biz kuchimizni yaxshi tiklab olishimiz va bor e'tiborimizni keyingi uchrashuvga qaratishimiz lozim», — deya Xavertsning so'zlarini keltiradi FIFA matbuot xizmati.
Germaniya terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichi doirasida Kot-d'Ivuar (20 iyun) va Ekvador (25 iyun) terma jamoalariga qarshi ham maydonga tushadi.