Ertaga bo'lib o'tadigan «Rayo Valekano» – «Barselona» uchrashuvi oldidan kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xansi Flik matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Musobaqa boshlanishi haqida
— «6 ochko bilan boshlash muhim edi, ammo endilikda diqqatimizni uchinchi o'yindagi g'alabaga qaratganmiz. «Rayo» murabbiyi a'lo ish qilmoqda, ular jiddiy raqib bo'ladi».

Fermin Lopes haqida
— «Ba'zan futbolchilar boshqacha o'ylaydi yoki tashqi muhit ta'siriga tushadi. Lekin men Ferminning «Barsa»da ekanidan xursandman. U jamoamiz uchun juda muhim. Barcha jamoadoshlari uning qolishini xohlaydi. Hafta boshida u boshqacha edi, ammo keyingi kunlarda ko'proq futbolga e'tibor qaratdi. Hozir uning holati yaxshi, bu biz uchun muhim».

Klubning moliyaviy holati haqida
— «Men faqat jamoaga e'tibor qaratyapman. Moliyaviy holat meni qiziqtirmaydi. Bizda fantastik tarkib bor va barcha bilsinki, men hozirgi futbolchilarni saqlab qolishni xohlayman».

Transferlar haqida
— «Oxirgi kunlarda yangi transferlar bo'ladimi? Rostini aytsam, hech qanday tasavvurim yo'q. Transfer bozori shunchaki jinnilik».

Maydonning holati haqida
— ««Rayo» stadioni maydoni? Biz buni o'zgartirolmaymiz. Ikki jamoa ham bir xil sharoitda o'ynaydi».