Xames Anchelotti uni «Manchester Yunayted»ga o'tmaslikka qanday ko'ndirganini esladi

Kolumbiyalik futbolchi Xames Rodriges amalga oshmay qolgan «Manchester Yunayted»ga transferi haqida gapirib berdi. 2017 yilning yozida o'sha paytda Madridning «Real» klubida to'p tepgan hujumkor yarim himoyachi «Bavariya» tomonidan ijaraga olingan edi. Vaholanki, futbolchi «qizil iblislar» safini to'ldirishi mumkin edi.
«Men «Manchester Yunayted»ga o'tmoqchi bo'lib turgandim, to'satdan Jorje Mendesh: «Bavariya»ga borishni istaysanmi?» deb so'rab qoldi. Men esa: «U erda Riberi va Robben bor, men qaerda o'ynayman?» deb javob berdim. Bunga javoban u: «Seni Anchelotti kutyapti», dedi. Karlo menga qo'ng'iroq qilganida, men «MYu»ga o'tmoqchi ekanligimni tan oldim, u esa: «Qanaqa yana «Manchester»? Bu o'lik klub. Sen mening jamoamga o'tishing kerak», deb javob berdi. O'ylaymanki, «Bavariya»ga borish qarori to'g'ri bo'lgan edi», – deya Xamesning so'zlaridan iqtibos keltiradi Bayern & Germany.
Hozirgi vaqtda Rodriges MLSning «Minnesota» klubiga tegishli, biroq yaqin orada erkin agentga aylanishi mumkin.