Xabi Alonso "Real"ning asosiy tarkib futbolchisiga dam berishi kutilmoqda

Madridning "Real" klubi chap qanot himoyachisi Alvaro Karreras yaqinlashib kelayotgan o'yinda dam olishi mumkin. 22 yoshli futbolchi joriy mavsum "qaymoqranglilar"ning barcha musobaqalardagi 15 ta o'yinidan 14 tasida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Marca nashri tarqatgan xabarga ko'ra, jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonso ispaniyalik futbolchiga chempionat doirasida "Rayo Valekano"ga qarshi bo'lib o'tadigan uchrashuvda dam bermoqchi. Asosiy tarkibdan Fran Garsiya o'rin olishi kutilmoqda.
Yakshanba kungi "Rayo Valekano" - "Real" uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 20:15da boshlanadi. Mehmonlar o'yinga La Liga turnir jadvali peshqadami sifatida yondashmoqda - ular 11-turdan keyin "Barselona"ni besh ochkoga ortda qoldirmoqda.